29 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda O'zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.
01.02.2010

Majlisda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma'ruza qildi.
Davlatimiz rahbarining ma'ruzasida mamlakatni rivojlantirish, yangilash, modernizatsiya qilishning to'g'ri tanlangan strategiyasi, qabul qilingan 2009-2012 yillarga mo'ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturini bajarish borasida 2009 yilda kuch va imkoniyatlarning safarbar qilinishi tufayli global inqirozning oqibatlari va tahdidlariga nafaqat bardosh berishga, balki iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning barqaror sur'atlarini, xalq bardamligi va farovonligini oshirishni ta'minlashga muvaffaq bo'linganligi qayd etildi.
2009 yil yakunlariga ko'ra, yalpi ichki mahsulotning o'sishi 8,1 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o'sishi – 9 foizni, qishloq xo'jaligi mahsulotlari – 5,7 foizni, chakana tovar aylanmasi – 16,6 foizni, pullik xizmatlar ko'rsatish hajmining o'sishi 12,9 foizni tashkil qildi. Davlat budjeti unda belgilangan xarajatlarni kamaytirmagan holda barqaror ravishda profitsit bilan ijro etildi, inflatsiya darajasi esa prognoz ko'rsatkichdan oshmadi va 7,4 foizni tashkil etdi.
Moliya-bank tizimini mustahkamlash bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlar oxirgi ikki yilda banklarning jami kapitalini 2 barobar ko'paytirish va investitsiya maqsadlari uchun banklar kreditlari ulushini 70 foizgacha oshirish imkonini berdi.
Iqtisodiyotning real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini, birinchi navbatda, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, mahsulot tannarxini pasaytirish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlariga ichki talabni rag'batlantirish hisobiga ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirildi. 2009 yilda mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar hajmi 2,3 barobar ko'paydi, mahsulotlarning 120 tadan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o'zlashtirildi.
Jahon bozorlaridagi o'ta noqulay konyunktura sharoitlarida mamlakatimizning eksport qiluvchi korxonalarini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish natijasida eksport hajmi 2,4 foizga o'sishi ta'minlandi.
2009 yilda ko'rilgan inqirozga qarshi chora-tadbirlar tufayli 940 mingdan ortiq yangi ish o'rni tashkil etildi, shundan qariyb 500 ming ish o'rni qishloq joylarda yaratildi.
Ma'lumot manba'i: uzreport.com